Annotatsiya
Mazkur maqolada qayta tiklanadigan energiya obyektlari uchun hududiy moslikni baholashda sun`iy intellekt va geografik axborot tizimlari (GIS) integratsiyasining qiyosiy samaradorligi tadqiq etilgan. Tadqiqot doirasida meteorologik, topografik, geofizik hamda infratuzilmaviy omillarni o`z ichiga olgan ko`p qatlamli geofazoviy ma`lumotlar bazasi shakllantirildi. Hududlarni baholashda an`anaviy GIS asosidagi ko`p mezonli qaror qabul qilish (MCDM) yondashuvi hamda mashinaviy o`qitish algoritmlari — Random Forest va XGBoost modellari qo`llanildi. Natijalar shuni ko`rsatdiki, sun`iy intellekt asosidagi model tahlil tezligi, bashorat aniqligi (R² > 0.90) va xatolik darajasi (MAE < 3%) bo`yicha an`anaviy metodlarga nisbatan sezilarli ustunlikka ega. Modelning tasniflash qobiliyati ROC-egri chizig`i orqali baholanib, AUC ko`rsatkichi 0.99 ni tashkil etdi. Taklif etilgan metodologiya hududiy rejalashtirish jarayonini optimallashtirish, investitsion risklarni kamaytirish va `aqlli` energetika tizimlarini shakllantirish uchun ilmiy asos bo`lib xizmat qiladi.