Annotatsiya
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi `Raqamli O`zbekiston — 2030` strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida`gi PF-6079-son Farmoni mazkur tadqiqot mavzusining asosiy normativ-huquqiy poydevori bo`lib xizmat qiladi. Ushbu Farmonda ta`lim muassasalarining o`quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, elektron ta`lim resurslari va multimedia ilovalarini yaratish, pedagog kadrlar hamda o`quvchi-yoshlarning raqamli savodxonligi va kompetentligini oshirish davlat siyosatining ustuvor vazifalari sifatida belgilangan. Shuningdek, hujjatda ta`lim sohasini raqamli transformatsiya qilish doirasida zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish hamda ularni milliy ta`lim mazmuniga moslashtirish zarurati alohida ta`kidlangan. Bu esa akademik litseylarda kimyo fanini o`qitishda virtual laboratoriyalar dasturiy ta`minotini takomillashtirish va shu asosda o`quvchilarning raqamli kompetentligini rivojlantirishga qaratilgan mazkur tadqiqotning dolzarbligini bevosita asoslaydi.