Annotatsiya
Ushbu tezis O`zbekiston hududida raqobat neytralligi tamoyilini ta`minlash uchun huquqiy asoslarni o`rganishga qaratilgan. Tadqiqotning asosiy maqsadi davlat ishtirokidagi korxonalar va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratishga xizmat qiluvchi huquqiy me`yorlar va institutsional mexanizmlarni aniqlashdan iboratdir. Tadqiqotda normativ-huquqiy tahlil, qiyosiy-huquqiy yondashuv va institutsional tahlil kabi usullar qo`llaniladi. Raqobat neytralligini ko`rib chiqishda davlatning mulkdor, tartibga soluvchi, xaridor va moliyalashtiruvchi sifatidagi turli funksiyalarining bozor ishtirokchilariga nisbatan asossiz ustunlik yoki cheklovlarga olib kelmasligi zarurligi ta`kidlanadi. Ushbu tadqiqot natijasida raqobat neytralligini konstitutsion kafolatlar, ma`muriy-huquqiy vositalar, raqobat qonunchiligi, davlat yordamini nazorat qilish tizimi hamda davlat xaridlari mexanizmlarining bir-biri bilan bog`liq tizimi sifatida shakllantirish taklif etiladi.