TOSHKENT ME’MORCHILIGIDAGI MOZAIKALARNING MATERIAL-TEXNIK XUSUSIYATLARI VA BADIIY YECHIMLARI
Mualliflar
Xusniddinova Muslimaxon Doniyor qizi
Annotatsiya
Mazkur maqolada Toshkent shahridagi monumental mozaika san`ati namunalari materiallarning xususiyatlari, mozaika elementlarining shakli va ularni kompozitsion joylashtirish usullari asosida ikki guruhga ajratib o`rganiladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi mozaika asarlarini yaratishda foydalanilgan materiallar hamda alohida elementlarning shakliy xususiyatlari yaxlit badiiy obrazning shakllanishiga qay darajada ta`sir ko`rsatishini aniqlashdan iborat. Birinchi guruhga marmar, turli tabiiy toshlar, yarim qimmatbaho minerallar, keramik plitkalar va boshqa materiallardan tayyorlangan, o`lchami hamda shakli tasvirning mazmuni va kompozitsion yechimiga mos ravishda tanlangan bo`laklar yordamida yaratilgan mozaikalar kiritiladi. Bunday asarlarda materialning tabiiy rangi, fakturasi, yorug`likni aks ettirish xususiyati va bo`laklarning individual shakli tasvirning plastik ifodadorligini kuchaytirishi mumkin. Ikkinchi guruhni esa, asosan, bir xil yoki o`zaro yaqin o`lcham va shakldagi mozaika elementlarini muntazam joylashtirish orqali yaxlit tasvir hosil qilingan namunalar tashkil etadi. Ushbu turdagi mozaikalarda badiiy obraz alohida bo`laklarning shakliy xilma-xilligidan ko`ra, ularning o`zaro munosabati, ranglar uyg`unligi, ritmik takrorlanishi va umumiy kompozitsion tuzilishi orqali namoyon bo`ladi. Mazkur ikki guruhning qiyosiy tahlili orqali material tanlovi, elementlar shakli va ularni terish texnikasining tasviriy ifoda vositalari bilan bog`liqligi ochib beriladi. Maqolada Toshkent shahridagi monumental mozaika namunalari misolida mazkur xususiyatlarning badiiy obraz, tasvirning hajmiy-plastik ifodasi, ranglar munosabati va kompozitsion yaxlitlikka ta`siri tahlil qilinadi. Shuningdek, mozaika elementlarining shakli va joylashtirilishidagi farqlar asarning tomoshabinga vizual ta`siri, tasvirning idrok etilishi hamda me`moriy muhit bilan uyg`unlashuviga qanday ta`sir ko`rsatishi masalalariga e`tibor qaratiladi. Tadqiqot Toshkent monumental mozaika san`atini material, texnologiya va badiiy ifoda o`rtasidagi o`zaro bog`liqlik asosida o`rganishga qaratilgan bo`lib, shahardagi mozaika merosini tasniflash va uning badiiy xususiyatlarini chuqurroq anglashga xizmat qiladi.
Kalit soʻzlar:
Toshkent, monumental mozaika, me’moriy bezak, tabiiy tosh, marmar, keramik mozaika, mozaika elementlari, material, faktura, ranglar uyg‘unligi, kompozitsiya, badiiy obraz, tasviriy ifoda, me’moriy muhit.